Kreatorlar uchun eng qiyin qism ko‘pincha suratga olish emas.
Loyihaga qo‘shilasiz, brifni o‘qiysiz, telefonni qo‘lga olasiz va shu yerda to‘xtaysiz. Nimadan boshlash kerak? Birinchi gap qanday bo‘lsin? Mahsulot haqida qaysi joyda aytaylik? Ko‘pchilik aynan shu bosqichda bir-ikki kun yo‘qotadi, ba’zilar esa umuman suratga olmaydi.
Endi OQIM’da loyihaga qo‘shilganingizdan so‘ng sizga shaxsiy ssenariy yoziladi. Odatda bir-ikki daqiqada tayyor bo‘ladi.
Bu shunchaki brif emas
Brif — brendning talabi. U hamma uchun bitta: mahsulot nima, qaysi fikr aytilishi kerak, nimadan qochish lozim.
Ssenariy esa faqat sizga yoziladi. U brendning brifini va siz ishlaydigan yo‘nalishni birga oladi: mavzuingiz, kontent tilingiz va videolaringiz uslubi. Natijada ssenariy begona matnga emas, sizning odatdagi videongizga yaqinroq chiqadi.
Farq shunda: tayyor shablon hammaga bir xil video yozib beradi, bu yerda esa matn sizga moslanadi.
Ssenariyda nima bor?
Ssenariy to‘rt qismdan iborat va ularning har biri videoning aniq bir bosqichi uchun.
Boshlanish — birinchi soniyalar. Nima deyish kerakligi, ekranda qanday yozuv turishi va kadrda nima ko‘rinishi yozib qo‘yiladi. Yoniga necha soniya ekani ham ko‘rsatiladi.
Keyin — videoning o‘zagi. U qismlarga bo‘lingan: har bir qism qaysi soniyadan qaysi soniyagacha davom etishi, nima aytilishi va nima ko‘rsatilishi. Har bir qismning nima uchun kerakligi ham yozilgan, shuning uchun uni o‘zingizcha o‘zgartirish oson.
Oxirida — yakuniy chaqiriq. Tomoshabinga nima qilishni aytasiz va ekranda nima turadi.
Suratga olish bo‘yicha — qisqa texnik izohlar: qayerda suratga olish, nimani ko‘rsatish, nimadan qochish.
Butun ssenariydan bir tugma bilan nusxa olish mumkin. Ko‘p kreatorlar uni o‘ziga Telegram’da yuborib, suratga olish paytida qarab turadi.
Nega birinchi soniyalarga shuncha e’tibor?
Chunki qisqa videoda hamma narsa shu yerda hal bo‘ladi. Tomoshabin uch-to‘rt soniyada videoni ko‘rish yoki surib ketishni hal qiladi.
Buning ustiga, Instagram’ning o‘z izohiga ko‘ra, Reels bo‘limida odamlar ko‘radigan videolarning aksariyati ular obuna bo‘lmagan akkauntlardan keladi. Ya’ni sizning videongiz obunachilaringizdan tashqariga chiqishi mumkin, lekin buning uchun u birinchi soniyalardayoq begona odamni ushlab qolishi kerak.
Shuning uchun ssenariyda boshlanish alohida ajratilgan va unga eng ko‘p e’tibor qaratilgan.
Yoqmasa — o‘zgartirasiz
Ssenariy qat’iy qoida emas. Uni o‘zingizga moslashtirishingiz mumkin.
“O‘zgartirish” tugmasi bor. O‘z so‘zingiz bilan yozasiz: kulgiliroq qiling, soddaroq gapiring, men uyda suratga olaman, mahsulotni boshqacha ko‘rsatay. Ssenariy shu izohga qarab qayta yoziladi. Kuniga o‘nta shunday o‘zgartirish kiritish mumkin.
“Boshqa yo‘nalish” tugmasi esa butunlay boshqa yondashuvni beradi. Masalan, shaxsiy tajriba o‘rniga muammo va yechim formati yoki aksincha. Oldingi variant yo‘qolmaydi: barcha versiyalar tarixda saqlanadi va istalganini qaytarish mumkin.
Brendning talabiga zid o‘zgarish esa kiritilmaydi. Masalan, brend aytilishi shart deb belgilagan fikrni olib tashlab bo‘lmaydi. Bunday holda ssenariy oldingidek qoladi va siz boshqacha yozib ko‘rishingiz mumkin.
Brend sizning ssenariyingizni ko‘rmaydi
Buni alohida ta’kidlash kerak, chunki savol ko‘p beriladi.
Ssenariy faqat siz uchun. Brend uni ko‘rmaydi va hech kim videongizni ssenariy bilan solishtirmaydi. Brend faqat tayyor videoni ko‘radi va uni brif talablariga qarab baholaydi.
Ssenariydan umuman foydalanmaslik ham mumkin. O‘z g‘oyangiz yaxshiroq bo‘lsa, o‘zingiznikini suratga oling. Ssenariy — yordam, topshiriq emas.
Hamma loyihada ham bo‘lavermaydi
Ba’zi loyihalarda ssenariy keraksiz. Masalan, “do‘kon ichida suratga oling” yoki “mahsulotni ochib ko‘rsating” kabi topshiriqlar yozma ssenariysiz ham tushunarli. Bunday kampaniyalarda ssenariy kartasi ko‘rinmaydi.
Ssenariy o‘zbek yoki rus tilida yoziladi — loyiha va sizning auditoriyangiz qaysi tilda bo‘lsa, o‘shanda.
Ba’zan ssenariy yozilmay qolishi ham mumkin. Bu sizning ishingizga ta’sir qilmaydi: brif joyida turadi va suratga olishni o‘zingiz davom ettirasiz. Xohlasangiz, qayta urinib ko‘rasiz.
Undan qanday foydalangan yaxshi?
Avval brifni o‘qing. Ssenariy brifni almashtirmaydi, uni to‘ldiradi. Brend nima talab qilganini bilib turganingiz ma’qul.
Ssenariyni yoddan o‘qimang. Matnni bir-ikki marta o‘qib chiqing, keyin o‘z so‘zingiz bilan gapiring. Yodlangan matn kameradan darhol bilinadi va UGCning asosiy kuchi — tabiiylik — yo‘qoladi.
Boshlanishni o‘zgartirmasdan sinab ko‘ring. Aynan shu qism natijaga eng ko‘p ta’sir qiladi.
Hayotingizga moslang. Agar ssenariyda ko‘cha kadri bo‘lsa-yu, siz uyda bo‘lsangiz, “O‘zgartirish”da shuni yozing. Bir necha soniyada yangi variant keladi.
Birinchi dubl yoqmasa, qayta oling. Tajribali kreatorlar ham ikki-uch marta qayta suratga oladi.
Nega biz buni qildik?
OQIM’da to‘lov video uchun emas, ko‘rishlar uchun. Ya’ni videongiz qancha ko‘p odamga yetib borsa, siz shuncha ko‘p daromad olasiz. Demak, videoning kuchli chiqishi faqat brendning emas, sizning ham manfaatingiz.
Shu paytgacha bu yuk butunlay kreatorning yelkasida edi: brifdan g‘oya o‘ylab topish, boshlanish yozish, tuzilmani qurish. Endi bu ishning bir qismi platforma zimmasiga o‘tdi.
Ssenariy sizning o‘rningizga video qilmaydi. Lekin bo‘sh sahifadan boshlash o‘rniga, tayyor tuzilmadan boshlaysiz.
OQIM’da profilingizni yarating, loyihaga qo‘shiling va birinchi ssenariyingizni oling.
Nozaninbegim Mamurjonova



