Maqola

Mikro-blogerlar: kichik auditoriya nega katta natija beradi

Nozaninbegim Mamurjonova
Mikro-blogerlar: kichik auditoriya nega katta natija beradi

Kichik bir kosmetika brendi reklama byudjetini rejalashtirmoqda. Ikki yo‘l bor. Birinchisi — millionlik auditoriyaga ega mashhur blogerga bitta Stories uchun butun byudjetni berish. Ikkinchisi — xuddi shu pulni o‘nlab kichik kreatorlar orasida bo‘lish.

Ko‘pchilik birinchi yo‘lni tanlaydi. Mantiq tushunarli: obunachi qancha ko‘p bo‘lsa, natija ham shuncha katta bo‘lishi kerak. Mashhur ism ishonch beradi, bitta kelishuv esa ish kamligini anglatadi.

Amalda esa natija ko‘pincha boshqacha chiqadi.

Mikro-bloger kim?

Blogerlar odatda obunachilar soniga qarab bo‘linadi. Eng ko‘p ishlatiladigan tasnifga ko‘ra, 1 000 dan 10 000 gacha obunachisi bor akkauntlar nano-blogerlar, 10 000 dan 100 000 gacha bo‘lganlari mikro-blogerlar hisoblanadi. 100 000 dan 1 milliongacha — makro, undan yuqorisi esa mega-blogerlar.

Chegaralar manbaga qarab biroz farq qiladi. Ba’zilar mikro toifani 50 000 da tugatadi, boshqalar 100 000 dan 500 000 gacha bo‘lgan “o‘rta” toifani alohida ajratadi. Lekin mohiyat bir xil: mikro-bloger — o‘z auditoriyasi bilan yaqin aloqada bo‘lgan, aniq mavzuda ishlaydigan kreator. Bu maqolada nano va mikro-blogerlarni birgalikda “mikro-blogerlar” deb ataymiz.

Nega kichik auditoriya faolroq?

Obunachilar soni oshgani sari auditoriyaning faolligi pasayadi. Bu kuzatuvni deyarli barcha tadqiqotlar tasdiqlaydi.

HypeAuditor’ning 2025-yilgi hisobotiga ko‘ra, Instagram’dagi blogerlarning 76 foizi nano-blogerlar va faollik aynan ularda eng yuqori — 2024-yil ma’lumotlariga ko‘ra 2,19 foiz. Butun Instagram bo‘yicha o‘rtacha faollik esa pasayib bormoqda: 2023-yilda 1,85 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda 1,59 foizga tushgan. Later va Fohr’ning 3,5 milliondan ortiq postni o‘rgangan 2021-yilgi tadqiqotida farq yanada yaqqol ko‘rinadi: nano-blogerlarda faollik taxminan 4 foiz, 500 mingdan 1 milliongacha obunachisi bor blogerlarda esa 1,3 foiz.

Aniq foizlar metodikaga qarab farq qiladi, lekin yo‘nalish bir xil. Sababini tushunish ham qiyin emas. 5 000 obunachisi bor kreator izohlarga o‘zi javob beradi, obunachilarining savollarini biladi, ulardan ko‘pchiligi uni shaxsan taniydi. Millionlik sahifada bunday yaqinlik bo‘lmaydi. U yerda obunachi ko‘proq tomoshabinga aylanadi.

Ishonch — asosiy kapital

Odamlar reklamaga emas, odamlarga ishonadi. Nielsen’ning 2021-yilgi so‘rovida respondentlarning 88 foizi tanishlarining tavsiyasiga boshqa har qanday reklama kanalidan ko‘ra ko‘proq ishonishini aytgan.

Mikro-blogerning tavsiyasi aynan shunday qabul qilinadi — reklama sifatida emas, tanish odamning maslahati sifatida. Obunachilari u bilan birga ovqat tanlaydi, kosmetika sinaydi, kitob o‘qiydi, farzand tarbiyasi haqida maslahatlashadi. Shuning uchun u biror mahsulotni tavsiya qilsa, bu tabiiy eshitiladi. Mashhur blogerning reklamasini esa tomoshabin ko‘pincha oldindan “reklama” deb qabul qiladi va shunga yarasha munosabatda bo‘ladi.

Aniq auditoriya

Mikro-blogerlarning yana bir kuchli tomoni — ular odatda aniq mavzuda ishlaydi.

Bolalar mahsulotini sotayotgan brend uchun 30 000 ta yosh onadan iborat auditoriya tasodifiy bir million tomoshabindan qimmatroq. Sport ozuqasi ishlab chiqaruvchisi uchun fitnes murabbiyining 15 000 obunachisi mashhur aktyorning 500 000 obunachisidan ko‘ra ko‘proq xaridor berishi mumkin.

O‘zbekistonda yana bir omil bor — til va shahar. Toshkentdagi rus tilli auditoriya bilan viloyatdagi o‘zbek tilli auditoriya bir xil kontentga bir xil javob bermaydi. Mikro-blogerlar orasidan aynan kerakli til va hududdagi kreatorlarni tanlash oson.

Bitta katta o‘rniga o‘nta kichik

Maqola boshidagi kosmetika brendiga qaytaylik.

Butun byudjetni bitta katta blogerga berganda, natija bitta videoga bog‘liq bo‘lib qoladi. Video ishlamasa yoki noto‘g‘ri kunda chiqsa, pul ham ketadi. Xuddi shu byudjetni o‘nta mikro-blogerga taqsimlasangiz, turli yondashuvdagi o‘nta video olasiz. Kimdir shaxsiy tajribasini aytadi, kimdir mahsulotni ishlatib ko‘rsatadi, kimdir kulgili sahna qiladi. Ulardan qaysi biri yaxshiroq ishlaganini ko‘rib, keyingi kampaniyani aynan shunga qurasiz.

Bu yondashuv xavfni ham kamaytiradi. Natija bitta manbadan emas, o‘nta manbadan keladi. Bitta video kutilgandek ishlamasa, qolganlari buni qoplaydi. Buning ustiga, brend qo‘lida bitta emas, o‘nta tayyor video qoladi va ularni o‘z sahifasida yoki reklamada qayta ishlatish mumkin.

Dunyo shu tomonga burilyapti

Bu faqat nazariya emas. Influencer Marketing Hub’ning 2026-yilgi hisobotiga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan brendlarning 52,8 foizi mikro-blogerlar bilan, 51,4 foizi esa nano-blogerlar bilan ishlashni kengaytirish yoki boshlashni rejalashtirmoqda. Makro-blogerlar bo‘yicha manzara boshqacha: kengaytirmoqchi va qisqartirmoqchi bo‘lganlar deyarli teng, taxminan 20,6 foizdan.

O‘zbekistonda ham manzara o‘xshash. Sentabr boshidagi holatga ko‘ra, OQIM’dagi tasdiqlangan kreatorlarning qariyb 94 foizida 100 000 dan kam obunachi bor, obunachilar sonining mediana qiymati esa 8 700 atrofida. Ya’ni bozordagi kontentning asosiy qismini aynan kichik va o‘rta kreatorlar yaratmoqda. Brend ular bilan ishlashni xohlaydimi yoki yo‘qmi, bu savol emas. Savol — qanday qilib to‘g‘ri ishlash.

Mikro-blogerni qanday tanlash kerak?

Birinchi qoida: obunachilar soniga emas, ko‘rishlarga qarang. Kreatorning oxirgi 10–15 ta Reels’i qancha ko‘rish olayotgani sahifadagi obunachilar sonidan ko‘proq narsa aytadi. 20 000 obunachisi bor, lekin har bir Reels’i 2 000 ko‘rish oladigan akkaunt bilan 8 000 obunachisi bor, lekin muntazam 30 000 ko‘rish oladigan akkaunt o‘rtasida farq katta.

Ikkinchi qoida: izohlarni o‘qing. Haqiqiy auditoriya savol beradi, bahslashadi, o‘z tajribasini yozadi. Faqat emojilar va “zo‘r” degan bir xil izohlar esa ogohlantiruvchi belgi.

Uchinchi qoida: mavzu va uslubga qarang. Kreatorning auditoriyasi sizning mijozlaringizga o‘xshaydimi? U qaysi tilda gapiradi? Uning videolari sizning brendingiz ohangiga mos keladimi?

Qiyinchilik qayerda?

Mikro-blogerlar bilan ishlash oson emas va buni yashirish kerak emas.

Katta blogerga bitta xabar yozish kifoya bo‘lsa, o‘nta kichik blogerga o‘n marta yozish, o‘n marta narx kelishish, o‘nta videoni tekshirish va o‘n marta to‘lov qilish kerak. Har bir kreatorning o‘z narxi, o‘z muddati va o‘z ish uslubi bor. Ba’zi akkauntlarda esa nakrutka qilingan obunachilar bo‘ladi va buni tashqaridan har doim ham ko‘rib bo‘lmaydi.

Shuning uchun ko‘p brendlar mikro-blogerlar bilan ishlashni xohlaydi, lekin boshlay olmaydi. Marketing bo‘limi bir necha kishidan iborat bo‘lgan kompaniya uchun o‘nlab kreator bilan qo‘lda ishlash — alohida ish.

Ko‘rishlar uchun to‘lash

OQIM bu jarayonni bitta joyga yig‘adi. Brend kampaniya yaratadi, brif yozadi, byudjet va 1 000 ta ko‘rish narxini belgilaydi. Kreatorlar loyihaga qo‘shiladi va brif asosida video tayyorlaydi. Brend har bir videoni joylanishidan oldin ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi. Joylangan Reels’larning ko‘rishlari esa avtomatik hisoblanadi.

Eng muhimi — to‘lov modeli. Byudjet faqat haqiqatda to‘plangan ko‘rishlar hisobiga sarflanadi. Brend kreatorga uning obunachilari soni uchun emas, videoning real natijasi uchun to‘laydi. Nakrutka qilingan obunachilar ko‘rish bermaydi, demak ular uchun pul ham ketmaydi. Kampaniya davomida qaysi kreator va qaysi video yaxshiroq ishlayotgani ham ko‘rinib turadi.

Mikro-blogerlar kichik byudjetdagilar uchun muqobil emas. Ular — o‘z-o‘zidan kuchli kanal. Faqat ular bilan to‘g‘ri ishlashni bilish kerak.

OQIM’da birinchi kampaniyangizni yarating va faqat haqiqiy ko‘rishlar uchun to‘lang.

Blog

Tahlillar va g‘oyalar

Ko‘proq maqolalar

Kreator reklamasini tartibli boshlang.

OQIM bilan brif, kreatorlar, kontent, ko‘rishlar va hisob-kitob bitta oqimda boshqariladi.

Boshlash