Brendlar bilan ishlash uchun yuz minglab obunachi kerak degan qarash asta-sekin eskiryapti. Bugun brendlar uchun faqat auditoriya hajmi emas, odamlar ko‘rishni xohlaydigan tabiiy kontent yarata olish ham muhim.
Aynan shu yerda UGC tushunchasi paydo bo‘ladi.
UGC — User Generated Content, ya’ni foydalanuvchi yoki kreator tomonidan yaratilgan tabiiy kontent. Masalan, yangi kafega borib, taom haqida Reel joyladingiz. Kafe sizdan buni so‘ramagan bo‘lsa, bu organik UGC hisoblanadi.
Lekin bugun brendlar bunday kontentni maxsus buyurtma ham qilishmoqda. Kreator mahsulotni sinab ko‘radi, qanday ishlashini ko‘rsatadi yoki o‘z tajribasini oddiy tilda tushuntiradi.
Bu tushuncha haqida batafsilroq “UGC nima?” maqolamizda yozganmiz. Bu yerda esa boshqa savolga javob beramiz: katta bloger bo‘lmagan odam brendlar bilan qanday ishlashi mumkin?
UGC kreator influencer emasmi?
Har doim ham emas. Influencer marketingda brend ko‘pincha ikki narsa uchun to‘laydi: kontent va auditoriya. UGC’da esa asosiy qiymat kontentning o‘zi bo‘lishi mumkin. Shuning uchun katta bloger bo‘lmasangiz ham, kamera oldida o‘zingizni yaxshi tutsangiz, sifatli Reel yarata olsangiz va mahsulotni tabiiy ko‘rsata bilsangiz, brendlar bilan ishlashingiz mumkin.
Bitta mahsulot haqida o‘n xil kreator o‘n xil yondashuvda video yaratishi mumkin. Kimdir shaxsiy tajribasini aytadi, kimdir mahsulotni ishlatib ko‘rsatadi, yana kimdir muammo va yechim shaklida kontent qiladi. Brendlar uchun UGC’ning qiziq tomoni ham shu — reklama odatiy reklama roligidan ko‘ra odamlar har kuni ko‘radigan kontentga yaqinroq bo‘ladi.
Nega obunachilar soni hal qiluvchi emas?
Instagram’ning o‘zi buni tushuntiradi. Platformaning rasmiy izohiga ko‘ra, Reels bo‘limida odamlar ko‘radigan videolarning aksariyati ular obuna bo‘lmagan akkauntlardan keladi. Ya’ni Reels lentasi obunachilar ro‘yxatiga emas, videoning o‘ziga qarab ishlaydi.
Buning amaliy ma’nosi katta. 3 000 obunachisi bor kreatorning yaxshi videosi o‘n minglab, ba’zan yuz minglab odamga yetib borishi mumkin. Aksincha, katta sahifadagi zerikarli video o‘z obunachilariga ham deyarli ko‘rinmay qolishi mumkin.
Shuning uchun ko‘p brendlar endi birinchi navbatda obunachilar soniga emas, kreatorning videolari qanday ko‘rilayotganiga qaraydi. Oxirgi Reels’lar qancha ko‘rish olyapti? Odamlar izoh qoldiryaptimi? Kreator mahsulotni ishonarli ko‘rsata oladimi?
Brendlar kreatorda nimaga qaraydi?
Birinchidan, tabiiylik. Yodlangan matnni o‘qiyotgan odamni tomoshabin darhol sezadi. Do‘stiga gapirib berayotgandek gapiradigan kreator esa ishonch uyg‘otadi.
Ikkinchidan, birinchi soniyalar. Qisqa videoda tomoshabin videoni ko‘rish yoki o‘tkazib yuborishni bir necha soniyada hal qiladi. Boshidanoq e’tiborni ushlay oladigan kreator brend uchun ayniqsa qadrli.
Uchinchidan, sifat. Qimmat texnika shart emas, lekin yorug‘lik yaxshi, ovoz toza va tasvir tiniq bo‘lishi kerak. Zamonaviy smartfon va deraza oldidagi kunduzgi yorug‘lik ko‘pincha yetarli.
To‘rtinchidan, topshiriqni tushunish. Brend videoda aytilishi kerak bo‘lgan asosiy fikrni brifda yozadi. Uni yo‘qotmasdan, lekin o‘z uslubida yetkaza oladigan kreator bilan brendlar qayta-qayta ishlashni xohlaydi.
Kreator uchun muammo boshqa joyda boshlanadi
Yaxshi kontent yaratishning o‘zi yetarli emas. Brendni qayerdan topasiz? Kimga yozasiz? Narxni qanday kelishasiz? Video tayyor bo‘lgach kim tasdiqlaydi? Brend haqiqatan ham pul to‘laydimi? Natija qanday hisoblanadi? Ko‘p kreatorlar aynan shu bosqichda brendlar bilan ishlashni boshlay olmaydi.
Bu savollarning har biri ortida real xavf bor. Kichik kreator narxni juda past aytib, o‘z mehnatini arzonga berishi mumkin. Yoki juda baland aytib, hamkorlikni boshlanmasdan yo‘qotishi mumkin. Video tayyor bo‘lgach brend fikrini o‘zgartirishi, to‘lov esa haftalab kechikishi mumkin. Og‘zaki kelishuvda bularning birortasi kafolatlanmagan.
OQIM platformasi shu jarayonni soddalashtirish uchun yaratilgan.
OQIM platformasida kreator qanday ishlaydi?
OQIM’da siz o‘zingizga mos reklama loyihalarini topasiz va brendlar bilan tartibli, tushunarli formatda ishlaysiz. Loyiha talablari, natijalar va daromad bir joyda ko‘rinadi.
Jarayon oddiy. Loyihani tanlaysiz va shartlarini o‘qiysiz. Brif asosida video tayyorlab, qoralamani yuklaysiz. Brend uni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi yoki izoh qoldiradi. Tasdiqlangan videoni o‘z sahifangizda Reel sifatida joylaysiz. Shundan keyin platforma ko‘rishlarni avtomatik kuzatib boradi.
Sizning asosiy vazifangiz — yaxshi kontent yaratish. Brend qidirish, uzoq yozishmalar va noaniq kelishuvlar esa ortda qoladi.
To‘lov post joylangani uchun emas, ko‘rishlar uchun. Kreator uchun eng past stavka — har 1 000 ko‘rishga 14 000 so‘m, har bir loyihaning aniq stavkasi uning sahifasida yoziladi. Loyiha yakunlangach, 7 kunlik tekshiruvdan so‘ng pul kartangizga yuboriladi.
Qancha yaxshi natija bersangiz, shuncha ko‘proq daromad qilasiz.
Bu imkoniyat kimlar uchun?
Agar siz Instagramda muntazam kontent yaratsangiz, kamerada erkin gapira olsangiz yoki yaxshi va qiziqarli video qilishni bilsangiz, OQIM orqali brendlar bilan ishlashingiz mumkin.
OQIM orqali brendlar bilan ishlash uchun Instagram akkauntingizda kamida 1 000 ta obunachi bo‘lishi kerak. Ammo platformada sizni faqat obunachilar soni emas, kontent sifati, uslubingiz va auditoriya bilan ishlash qobiliyatingiz ham ajratib turadi.
Bu talaba uchun ham, ishdan keyin bo‘sh vaqtini foydali o‘tkazmoqchi bo‘lgan odam uchun ham, uyda bola parvarishlayotgan yosh ona uchun ham mos bo‘lishi mumkin. Kerakli narsa — telefon, bir oz vaqt va sinab ko‘rishga tayyorlik.
UGC O‘zbekistonda ham kreatorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Brendlar tabiiy va sifatli kontent izlayapti, kreatorlar esa o‘z ijodidan daromad qilish yo‘lini qidirmoqda.
OQIM esa kreatorlar va brendlar o‘rtasidagi hamkorlikni tasodifiy yozishmalardan tizimli jarayonga olib chiqadi. Agar sizda 1 000 tadan oshiq obunachi bo‘lsa va sifatli kontent yarata olsangiz, katta bloger bo‘lishni kutishingiz shart emas. Brendlar bilan ishlashni hozirdan boshlashingiz mumkin.
OQIM’da profilingizni yarating va keyingi reklama hamkorligingizni DM’dan emas, platformadan boshlang.
Nozaninbegim Mamurjonova



