Maqola

UGC kreator qanday bo‘linadi? Noldan boshlash uchun qadam-baqadam yo‘riqnoma

Nozaninbegim Mamurjonova
UGC kreator qanday bo‘linadi? Noldan boshlash uchun qadam-baqadam yo‘riqnoma

Ertalab Instagramni ochasiz. Lentada bir qiz yuziga krem surtayotgan video chiqadi. Studiya yo‘q, qimmat chiroq yo‘q, orqa fonda oddiy vannaxona. U kremni qanday ishlatishini ko‘rsatadi, ikki hafta ichida nima o‘zgarganini aytadi va videoni tugatadi. Siz uni oxirigacha ko‘rasiz va hatto reklama ekanini sezmay qolasiz.

Bu UGC. Uni yaratgan odam esa UGC kreator.

Bir necha yil oldin brendlar bilan ishlash uchun yo‘l bitta edi: katta auditoriya yig‘ish va reklama taklifini kutish. Bugun bu yo‘l yagona emas. Brendlar endi faqat obunachi soniga emas, odamlar ko‘rishni xohlaydigan videoga pul to‘lashga tayyor. Bu esa telefoni va g‘oyasi bor har bir odamga eshik ochadi.

Lekin eshik ochiq bo‘lgani bilan, undan qanday kirish kerakligi ko‘pchilikka noma’lum.

UGC kreator kim?

UGC — User Generated Content, ya’ni brend emas, oddiy odam yaratgan kontent. Agar bu tushuncha siz uchun yangi bo‘lsa, avval UGC nima ekani haqidagi maqolamizni o‘qib chiqing.

UGC kreator — brendlar uchun ana shunday tabiiy uslubdagi video tayyorlaydigan odam. U mahsulotni sinab ko‘radi, qanday ishlashini ko‘rsatadi, o‘z tajribasini oddiy tilda aytib beradi. Natijada video reklama roligiga emas, odamlar har kuni lentada ko‘radigan kontentga o‘xshaydi.

Blogerdan farqi shundaki, blogerga brend ko‘pincha auditoriyasi uchun to‘laydi: “mening obunachilarim sizni ko‘radi”. UGC kreatorda asosiy qiymat boshqa joyda — videoning o‘zida. Video qanchalik yaxshi ushlab tursa, qanchalik ishonch uyg‘otsa, kreator shunchalik qadrli.

Nega brendlar bunga pul to‘laydi?

Sabab oddiy: odamlar reklamaga emas, odamlarga ishonadi. Nielsen’ning 2021-yilgi so‘rovida respondentlarning 88 foizi tanishlarining tavsiyasiga boshqa har qanday reklama kanalidan ko‘ra ko‘proq ishonishini aytgan. UGC video aynan shu tuyg‘uni beradi. Uni ko‘rgan odam “bu kompaniya menga nimadir sotmoqchi” deb emas, “bu odam buni ishlatib ko‘ribdi” deb o‘ylaydi.

Ikkinchi sabab — tezlik. Instagram lentasi har kuni yangilanadi va bitta video bir-ikki haftada eskiradi. Brendga har hafta yangi, har xil yondashuvdagi videolar kerak. Bitta katta reklama roligini suratga olish uchun ssenariy, studiya, operator va montaj kerak bo‘ladi. O‘nta kreatordan o‘nta turli video olish esa ko‘pincha arzonroq va tezroq.

Bu faqat O‘zbekistondagi holat emas. Influencer Marketing Hub’ning 2026-yilgi hisobotiga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan brendlarning yarmi UGC kreatorlar bilan ishlashni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Boshlash uchun nima kerak?

Ko‘pchilik o‘ylaganidan ancha kam narsa.

Oxirgi yillarda chiqqan o‘rtacha smartfon kamerasi Reels uchun bemalol yetadi. Eng yaxshi yoritgich — deraza oldidagi kunduzgi yorug‘lik. Yorug‘lik yuzga oldindan tushsin, orqadan emas. Ovoz uchun oddiy mikrofon kifoya. Tomoshabin biroz xira tasvirni kechiradi, lekin eshitilmaydigan gapni kechirmaydi. Montaj uchun esa CapCut yoki Instagram’ning o‘z muharriri yetarli.

Texnikadan ham muhimroq narsa — ko‘nikma. Fikrni qisqa va aniq aytish, mahsulotni tabiiy ko‘rsatish, tomoshabinni birinchi soniyalardanoq ushlab qolish. Bularni hech qanday kurs to‘liq o‘rgatmaydi. Ularni faqat amaliyot o‘rgatadi.

Profilingiz — sizning portfoliongiz

UGC kreatorning rezyumesi yo‘q. Uning o‘rnini Instagram sahifasi bosadi.

Brend sahifangizga kirganda bir necha soniyada qaror qiladi. Shuning uchun profilni oldindan tartibga keltiring. Profil rasmi aniq va yorug‘ bo‘lsin. Bio’da kimligingiz va nima haqida kontent qilishingiz qisqa yozilsin. Eng yaxshi uch Reel’ingizni sahifa tepasiga mahkamlang. Akkaunt ochiq bo‘lishi shart — yopiq sahifani na brend, na platforma ko‘ra oladi.

Yo‘nalish tanlash ham muhim. Hamma narsa haqida gapiradigan kreatordan ko‘ra, go‘zallik, ovqat, texnika, sport yoki ona va bola mavzusida ishlaydigan kreatorni brendlar tezroq eslab qoladi. Bir-ikki yo‘nalish yetarli. Keyinchalik ularni kengaytirish mumkin.

Brend hali yozmagan bo‘lsa-chi?

Bu yangi boshlovchilar eng ko‘p beradigan savol. Javob esa oddiy: buyurtmani kutish shart emas.

Uyingizdagi istalgan mahsulotni oling — krem, kofe, naushnik yoki kitob — va u haqida xuddi brend buyurtma qilgandek video tayyorlang. Bir safar shaxsiy tajribangizni aytib bering. Keyingisida mahsulotni ishlatib ko‘rsating. Yana birida muammo va yechim formatida gapiring: avval muammoni ko‘rsating, keyin mahsulot uni qanday hal qilishini. Qadoqni ochish, “oldin va keyin” yoki ikki mahsulotni solishtirish ham yaxshi ishlaydi.

Uch-besh shunday videodan keyin ikki narsa bo‘ladi. Birinchidan, portfoliongizda ko‘rsatadigan ishlaringiz paydo bo‘ladi. Ikkinchidan, qaysi uslub sizga mos kelishini o‘zingiz sezasiz. Kimdir kamera oldida hikoya qilishda kuchli, kimdir faqat qo‘llar va ovoz bilan ajoyib video qiladi.

Birinchi uch soniya

Qisqa videoda eng qimmat vaqt — birinchi soniyalar. Tomoshabin aynan shu paytda videoni ko‘rish yoki o‘tkazib yuborishni hal qiladi.

“Salom, bugun sizga bir mahsulot haqida aytib bermoqchiman...” bilan boshlangan video ko‘pincha shu uch soniyadan o‘tolmaydi. Odam barmog‘ini surib ketadi. Savol bilan boshlash, kutilmagan kadr yoki natijani boshidayoq ko‘rsatish ancha yaxshi ishlaydi. “Siz ham ertalab vaqtingiz yetmayaptimi?” degan savol tomoshabinni o‘ziga bog‘laydi. Ikki hafta oldingi va hozirgi holatni yonma-yon ko‘rsatish esa qiziqish uyg‘otadi.

Brendlar ham aynan shu qobiliyatga qaraydi: siz tomoshabinni ushlab qola olasizmi?

Instagram nimani yoqtiradi?

Instagram o‘z qoidalarini yashirmaydi. 2024-yildan beri platforma original kontentni ko‘proq tavsiya qiladi. Boshqa odamning videosini qayta joylash yoki boshqa ilovalarning logotipi va suv belgisi bor videolar sizga obuna bo‘lmagan odamlarga tavsiya qilinmaydi. O‘zingizning logotipingiz esa muammo emas. Shuning uchun videoni o‘zingiz suratga oling va o‘zingiz montaj qiling.

Reels hozir uch daqiqagacha bo‘lishi mumkin, lekin reklama videolari uchun qisqalik hamon ustun. Aytadigan gapingiz 30 soniyaga sig‘sa, uni bir daqiqaga cho‘zmang.

Yana bir foydali vosita — sinov Reels (trial reels). Ular avval sizga obuna bo‘lmagan odamlarga ko‘rsatiladi. Yangi uslubni obunachilaringizni charchatmasdan sinab ko‘rish uchun qulay.

Brif — brend bilan umumiy til

Birinchi buyurtma kelganda sizga brif beriladi. Brif — brendning topshirig‘i: nima ko‘rsatish kerak, qaysi fikr albatta aytilishi lozim, nimadan qochish kerak, video qancha davom etishi kerak.

Tajribali kreator brifni diqqat bilan o‘qiydi va topshiriqni aniq bajaradi, lekin o‘z uslubini yo‘qotmaydi. Yangi boshlovchilar esa ko‘pincha aynan shu yerda qoqiladi. Brif yuzaki o‘qiladi, brend uchun eng muhim fikr aytilmay qoladi va video qayta ishlashga qaytadi. Bir marta qaytgan video bu — yo‘qotilgan vaqt.

Oddiy odat yordam beradi: suratga olishdan oldin brifdagi asosiy fikrni bir gap bilan yozib qo‘ying. Videoni tugatgach, o‘sha gap videoda bormi, tekshiring.

Birinchi buyurtmani qayerdan topish mumkin?

Bu ko‘pchilik uchun eng qiyin bosqich. Brendlarga o‘zingiz yozishingiz mumkin, lekin javob kelishi qiyin, narxni kelishish esa undan ham qiyin. To‘lov qachon bo‘ladi? Natija qanday hisoblanadi? Video yoqmasa nima bo‘ladi? Bu savollarga ko‘pincha hech kim aniq javob bermaydi va ko‘p hamkorliklar DM’dagi yozishmada tugab qoladi.

OQIM’da bu jarayon boshqacha tuzilgan. Siz tayyor reklama loyihalarini ko‘rasiz, shartlarini o‘qiysiz va qo‘shilasiz. Brif asosida video tayyorlab, qoralamani yuklaysiz. Brend uni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi yoki izoh qoldiradi. Tasdiqlangan videoni Reel sifatida joylaysiz. Ko‘rishlar esa avtomatik hisoblanadi.

To‘lov video uchun emas, ko‘rishlar uchun. Kreator uchun eng past stavka — har 1 000 ko‘rishga 14 000 so‘m, har bir loyihaning aniq stavkasi uning sahifasida yozilgan. Masalan, eng past stavkada 50 000 ko‘rish 700 000 so‘m, 100 000 ko‘rish esa 1 400 000 so‘m bo‘ladi. Loyiha yakunlangach, 7 kunlik tekshiruvdan so‘ng pul kartangizga yuboriladi.

Bu modelning mantig‘i oddiy. Qancha yaxshi video qilsangiz, shuncha ko‘p odam ko‘radi va shuncha ko‘p daromad qilasiz.

Yangi boshlovchilar qayerda xato qiladi?

Eng ko‘p uchraydigan xato — reklamani juda “reklama” qilib yuborish. Yodlangan matn, sun’iy ohang va haddan tashqari maqtov ishonchni darhol yo‘qotadi. UGC’ning kuchi tabiiylikda. Do‘stingizga qanday aytib bergan bo‘lsangiz, kameraga ham shunday ayting.

Ikkinchi xato — ovozni e’tiborsiz qoldirish. Shamolli ko‘chada yoki shovqinli kafeda olingan video qancha chiroyli bo‘lmasin, eshitilmasa, ko‘rilmaydi.

Uchinchisi — birinchi natijadan keyin to‘xtab qolish. Birinchi videolar kutilgandek ko‘rish olmasligi normal holat. UGC’da o‘sish — bu tajriba to‘plash va har safar biroz yaxshiroq video qilish.

Bu kimlar uchun?

Agar siz Instagramda muntazam kontent qilsangiz, kamerada erkin gapira olsangiz yoki shunchaki yaxshi video qilishni bilsangiz, UGC siz uchun. OQIM orqali ishlash uchun Instagram akkauntingizda kamida 1 000 ta obunachi bo‘lishi kerak. Lekin bundan keyin sizni obunachilar soni emas, videolaringiz sifati ajratib turadi.

Ko‘pchilik UGC’ni ishdan yoki o‘qishdan tashqari qo‘shimcha daromad sifatida boshlaydi. Bitta videoni tayyorlash tajribaga qarab bir-ikki soatdan bir kungacha vaqt oladi.

UGC kreatorlik — mashhurlik emas, ko‘nikma. U esa har bir yangi video bilan o‘sib boradi.

OQIM’da profilingizni yarating va birinchi reklama loyihangizni hozirdan boshlang.

Blog

Tahlillar va g‘oyalar

Ko‘proq maqolalar

Kreator reklamasini tartibli boshlang.

OQIM bilan brif, kreatorlar, kontent, ko‘rishlar va hisob-kitob bitta oqimda boshqariladi.

Boshlash