OQIM OVOZA loyihasini $200 minglik strategik bitim orqali o‘z tarkibiga qo‘shdi
OQIM Group OVOZA loyihasini $200 000 qiymatdagi strategik bitim orqali o‘z tarkibiga qo‘shdi. OVOZA O‘zbekistonda qisqa videolar yo‘nalishini rivojlantirish va uzun kontentni sun’iy intellekt yordamida avtomatik tarzda qisqa formatlarga moslashtirish ustida ishlayotgan loyiha edi. Loyiha bilan birga uning 500 nafar faol klipperi OQIM platformasiga qo‘shildi.
OVOZA yana bir yo‘nalishda - kontent yaratuvchilar orqali onlayn savdoni rivojlantirish ustida ham ishlagan. Tizimda kreator mahsulot yoki xizmatni maxsus havola orqali tavsiya qiladi va shu havola orqali amalga oshirilgan savdolardan daromad oladi.
Bitimning muhim qismi jamoa va uning tajribasi bilan bog‘liq. OVOZA asoschisi Muxammad Najmiddinov OQIM jamoasiga o‘sish va sun’iy intellekt asosidagi avtomatlashtirish yo‘nalishlarini boshqarish uchun qo‘shildi.
OQIM va OVOZA’ni birlashtirgan asosiy qarash - mahalliy bozor bilan cheklanib qolmaslik. Jamoa OVOZA’da boshlangan kontent jarayonlarini sun’iy intellekt yordamida avtomatlashtirish ishlarini davom ettiradi. Keyingi yo‘nalishlardan biri esa UGC kontent yaratishning ayrim bosqichlarini ham avtomatlashtirishdir.
Bu bitim orqali OQIM mahalliy bozorda shakllangan tajriba va texnologiyalarni global darajada rivojlantirishni maqsad qilmoqda.



